TOShKENT, 22 sen – Sputnik. Toshkent shahridagi uchta tuman hokimiga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 16-sentabr kuni qabul qilingan tegishli farmoyishi E-Qaror portalida e’lon qilingan.
Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Irgashevga, Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimovga va Yangihayot tumani hokimi Hayot Inogamovga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Ular joriy yil birinchi yarim yillikda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirishga yo‘l qo‘yganliklari uchun jazolanishgan.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida Yunusobod, Yangi Hayot va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida fizik hajm indeksi keskin pasaygan.