TOShKENT, 21 sen - Sputnik. Qashqadaryoda darslarni polga o‘tkazgan mas’ullar jazoga tortildi.
Sal avval, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va xalq ta’lim vaziri Sherzod Shermatovga atalgan "Yurtimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlaringiz ko‘zni quvontiradi! Lekin Yakkabog‘da sizni islohotlaringiz yetib kelgani yo‘q!", deyilgan video-murojaat viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilgan va jamoatchilikka e’lon qilingandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Yakkabog‘ tumanidagi 39-sonli maktab binosi 1974-yilda qurilgan va 420 ta nafar o‘quvchilarga mo‘ljallangan. 2021-yilda mazkur maktab rekonstruksiyasi uchun 3 mlrd 102 mln 400 ming so‘m pul ajratilgan bo‘lib, joriy yil 10-sentabr kuni remont ishlari yakunlangan.
Biroq, qurilish ishlari yakunlanganiga qaramay 27 ta sinfxona uchun 405 ta partalar, o‘z vaqtida yetkazib berilmagan.
O‘rganish davomida, o‘qituvchilar N.S va O.Slarning maktab direktori bilan darslarni taqsimoti bo‘yicha kelisha olmaganligi sababli, ijtimoiy tarmoqlarda maktab ma’muriyatini kamchiliklarini ko‘rsatish maqsadida, partalari bor xonalarda dars o‘tishni iloji bo‘la turib ataylab vaziyatni bo‘rttirish uchun jihozlanmagan xonalarda dars o‘tilgan.
Ma’lum qilinishicha, o‘qituvchi kasb-etikasiga to‘g‘ri kelmaydigan va salbiy ta’sir ko‘rishga uringanlari uchun o‘qituvchilar N.S va O.S.lar hayfsan intizomiy jazosi olgan.
Shuningdek, tekshiruv natijasi bo‘yicha o‘quv yilini to‘g‘ri tashkil qilishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan sababli maktab ma’muriyatiga nisbatan ham intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan.