Qashqadaryoda eshak qassobiga jazo tayinlandi

Eshak so‘yib, go‘shtini sotish bilan shug‘ullangan shaxsga nisbatan hukm o‘qildi. Sud jarayonida sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo‘lib, eshaklarni itlar uchun so‘yib sotganini ma’lum qilgan.
Sputnik
TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sayyor sudida shu yil aprel oyida eshak so‘yib, go‘shtini sotish bilan shug‘ullangan shaxsga nisbatan hukm o‘qildi.
Eslatib o‘tamiz, 5-aprel kuni viloyat IIB xodimlarining tezkor sa’y-harakatlari natijasida Qarshi shahridagi Arabxona mahallasida yashovchi fuqaro X.Sh.ning xonadonida fuqaro X.J. tomonidan eshak so‘yilayotgani aniqlangan.
Qashqadaryoda eshak so‘yish bilan shug‘ullangan guruh qo‘lga olindi
Tekshiruv davomida xonadondan bo‘g‘izlangan eshaklar va uning ajratilgan terilari, xonalardan birida esa eshak go‘shti deb gumonlangan so‘yilgan lahm go‘sht mahsulotlari, 20 dona tirik eshaklar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Sud jarayonida sudlanuvchi X.J. aybiga qisman iqror bo‘lib, eshaklarni itlar uchun so‘yib sotganini ma’lum qilgan. Biroq sud hujjatlarida to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro pul evaziga buyurtmachiga go‘shtlarni yetkazib bergan.
Sud hukmiga ko‘ra, fuqaro X.J. JKning 186-modda (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2-yil muddatga axloq tuzatish ishlariga jalb qilish jazosi tayinlandi.