TOShKENT, 20 sen – Sputnik. O‘zbekistonda 2021-yil 20-sentabrdan boshlab tomosha, madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari), ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni ochiq maydonlar hamda yopiq majmualarda o‘tkazishga ruxsat berildi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilindi.
Madaniy-ko‘ngilochar, ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni o‘tkazishda quyidagi karantin cheklovlariga rioya etish talab qilinadi:
madaniy-ko‘ngilochar obyektlar (teatr, kinoteatr, konsert zallari) ishchi va xodimlari hamda ommaviy tadbirlar tashkilotchilari va xizmat ko‘rsatuvchilari bo‘lgan shaxslar (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat’i nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlangani to‘g‘risidagi QR-kodli sertifikati mavjud bo‘lishi lozim;
madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari faoliyati) va ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda tashrif buyuruvchilar:
tibbiy niqobda bo‘lish;
antiseptik vositalardan foydalanish;
kirish joylarida tana haroratini o‘lchash kabi muhim sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etishlari shart.
Shu bilan birga madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari faoliyati) va ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obyektlariga faqatgina koronavirusga qarshi vaksina bilan emlangani to‘g‘risidagi QR-kodli sertifikati mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilarni kiritilishi (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatmalar) bo‘lgan fuqarolar bundan mustasno) tavsiya etildi.