TOShKENT, 20 avg - Sputnik. O‘zbekistonda 24-sentabrdan boshlab juma namozlarini ado etish tartibiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanadi. Bu haqida Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishidan so‘ng ma’lum bo‘ldi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
"Respublika maxsus komissiyasining majlisida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2021-yil 24-sentabrdan e’tiboran juma namozi va boshqa namozlarni masjidlarning faqat ochiq sahnalarida ado etilishiga oid cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi taklifi ko‘rib chiqildi hamda ma’qullandi", - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, maxsus komissiyaning kunlik va juma namozlarini faqat masjidning ochiq havodagi maydonlarida, tibbiy niqob va oraliq masofani saqlagan holda ado etish tavsiyanomasi ushbu yilning 26-iyun kuni e’lon qilingan edi.
Unda, shuningdek, 65 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolar hamda surunkali kasalligi mavjud shaxslarga diniy tadbirlarni imkon qadar uy sharoitida amalga oshirish belgilangan edi.