Shavkat Mirziyoyev ShHT sammitida nimalarni taklif qildi

O‘zbekiston prezidenti Afg‘oniston borasida hamkorlikni muvofiqlashtirish, 5-yillik iqtisodiy dasturir tuzish va axborot xavfsizligi sohasida hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.
Sputnik
TOShKENT, 17 sen - Sputnik. Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorligi tashkiloti sammitida so‘zga chiqqan Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston borasida o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish hamda axborot xavfsizligini kuchaytirishni taklif qildi.
So‘z boshida O‘zbekiston prezidenti Tojikiston rahbariyatiga an’anaviy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi va ShHTning bugungi, notinchlik darajasi oshib borayotgan dunyoda, tutgan muhim o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev ShHTda olib borilayotgan ochiq dialog muhiti va tashkilotning hech qanday tashqi kuchga qarshi qaratilmagani muhim ahamiyat kasb etayotganini va ushbu tartibni saqlab qolish muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek O‘zbekiston prezidenti ShHT doirasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishni taklif qildi.
Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha:
Afg‘oniston borasida o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish;
yangi hukumat bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish;
Afg‘oniston jamiyatining barcha qatlam va guruhlari vakillari davlatboshqaruvida bo‘lishi juda muhim;
hududda ekstremizm va radikal g‘oyalar o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik;
Afg‘oniston hududidan uchinchi mamlakatlarga xavf solishga yo‘l qo‘ymaslik;
inson huquqlari, ayollar huquqlarini ta’minlash;
ijtimoiy muammolarni hal qilish;
xorijiy banklardagi Afg‘oniston davlat aktivlarini blokdan chiqarish;
doimiy ravishda "ShHT-Afg‘oniston" formatida yuqori darajali uchrashuvlari o‘tkazish.
ShHT istiqbollari bo‘yicha:
1.
ShHT obro‘yi va potensialini oshirib borish muhim. Kelajak 5-yilga mo‘ljallangan yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik kompleks dasturi tuzish.
2.
ShHT hududida ichki savdoni yo‘lga qo‘yish. Uning ichiga savdo to‘siqlarini olib tashlash bo‘yicha birgalikda qabul qilingan choralar kiritiladi. Texnik reglamentlar va bojxona jarayonlarini umumlashtirish.
3.
ShHt sanoat kooperatsiya dasturini qabul qilish. Davlatlarda industrial kooperatsiya markazlari tashkil qilish. Biz kelgusi yilda ShHTning iqtisodiy forumi va innovatsiyalar haftaligi o‘tkazishga tayyormiz.
4.
Transport aloqalari bo‘yicha ShHT strategiyasini qabul qilish. Bu bizning davlatlarimizning transport potensialini oshiradi va "Sharq - G‘arb" va "Shimol - Janub" transport koridorlari samaradorligini oshiradi. Energetika kommunikatsiya va "Yashil taraqqiyot" sohalarida ShHTning uzoq muddatli infratuzilma loyihalarini qabul qilish.
5.
ShHT doirasida kambag‘allikni qisqartirish va oziq-ovqat muammolariga bag‘ishlangan vazirlar darajasida doimiy uchrashuvlar o‘tkazish.
6.
ShHT hududida tinchlik va totuvlikni ta’minlash. Buning uchun ShHT RATS* imkoniyatlaridan keng foydalanish. (U bizga terrorchilik, narkotraffik va axborot xavfsizligi sohalarida hamkorlik qilish imkonini beradi - Mirziyoyev).
7.
ShHTning kiber xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar forumi tashkil qilish.
8.
ShHT doirasida madaniyat, sport, turizm sohalarida va hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
9.
Sog‘liqni saqlash sohasida infetsion kasalliklarni profilaktika qilish va davolash borasida birgalikda yo‘l xaritasi qabul qilish. O‘zaro vaksinalar sertifikatlarni tan olish.
Eslatib o‘tamiz, ShHT deklaratsiyasi 2001-yilda Shanxayda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan tashkil qilingan edi. 2017-yilda tashkilotga Hindiston va Pokiston to‘liq a’zo bo‘lishdi. Afg‘oniston, Belorussiya, Eron va Mo‘g‘uliston ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega. Shuningdek 6ta davlat “muloqot sherigi” maqomida (Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka). Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov ShHT sammitining humatli mehmoni bo‘ladi.