TOShKENT, 16 sen - Sputnik. Qo‘qonlik bloger, Facebookdagi "Qo‘qonjonim" guruhining asosiy ma’murlaridan biri Iqbol Komiljonov 15-sentabr kuni vafot etdi.
Bu haqda Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Husan Mamajonov ma’lum qildi.
"8 kundan beri kasallik bilan kurashishimizga qaramasdan, „Qo‘qonjonim“ guruhi mualliflaridan biri Iqboljon Komiljonov vafot etdi. Hozirgi kundagi barcha diagnostik davolash ishlarini amalga oshirganimizga qaramasdan, afsuski, kasallik o‘z kuchini ko‘rsatib, vatandoshimiz vafot etdi", — dedi u.
Ta’kidlanishicha, Iqbol Komiljonov 7-sentabr kuni og‘ir ahvolda shifoxonaga kelishi bilan jonlantirish bo‘limiga olingan. Unga ikki tomonlama pnevmoniya, qandli diabetning 2-turi, yurak ishemik kasalligining ikkinchi turi hamda nafas va qon aylanish tizimining buzilishi tashxisi qo‘yilgan. U shifoxonada 8 kun davomida davolangan.
AOKAning viloyat boshqarmasi rahbari Shohidbek Aslonovning 11-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qilishicha, Iqbol Komiljonovning fidoyiligi va samarali mehnati inobatga olinib, bloger "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30-yilligi" esdalik nishoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, u "Eng ulug‘, eng aziz" an’anaviy tanlovining viloyat bosqichida "Eng faol ijtimoiy tarmoq guruhi administratori" deb topilgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov ma’lum qilishicha, bloger Iqbol Komiljonovning vafot etganligi holati yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Marhumning o‘lim sabablarini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.