TOShKENT, 16 sen — Sputnik. O‘zbekiston hozircha Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmayapti, dedi KXShT bosh kotibi Stanislav Zas kengash yig‘ilishida.
“O‘zbekiston hozircha KXShTga kirishni rejalashtirmayapti va biz hech kimni o‘z safimizda bo‘lishga majburlamaymiz”, – dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir davlat qayerda va qaysi tashkilotda bo‘lishini tanlash huquqiga ega. KXShT hech qachon bu davlatlarning qarorlariga ta’sir ko‘rsatmaydi.
O‘zbekiston va KXShT
1992 yil o‘rtalarida O‘zbekiston Rossiya, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan birgalikda Toshkentda Kollektiv xavfsizlik shartnomasini imzoladi. Shartnoma 1994-yil aprelida kuchga kirdi.
Shartnoma 5-yilga mo‘ljallangan va uni uzaytirish mumkin. 1999-yilda O‘zbekiston hujjatni qayta imzolamadi.
2006 yil avgustda O‘zbekiston KXShTda a’zolikni tikladi, ammo 2012-yilda Toshkent O‘zbekiston tashkilotdagi faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida nota yubordi. Toshkent o‘z qarorini ikki tomonlama hamkorlik ustuvorligi bilan izohladi.