TOShKENT, 16 sen – Sputnik. O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi soliq to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash maqsadida bankrotlik e’lon qilingan 3500 holat aniqlanganligini ma’lum qildi.
DSQ matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari tomonidan sun’iy ravishda umidsiz soliq qarzdorligini yuzaga keltirish holatlari kuzatilmoqda. Bu jarayonlarda asosan korxona ta’sischisi va rahbarlari faol ishtirok etayotganligi qayd etilgan.
Xususan, so‘nggi 3-yilda 4 ming nafar ta’sischi va korxona rahbari tomonidan soliq to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash maqsadida 3,5 mingta xo‘jalik subyekti tashkil etilgan.
Natijada ushbu toifadagi korxonalar budjet oldida 6,7 trln so‘m umidsiz soliq qarzdorligini hosil qilgan holda bankrotlik asosida tugatilgan.
Hozirda bankrotlik asosida tugatilgan korxonalar ta’sischilari tomonidan yangidan korxonalar tashkil etilishi davom etmoqda.
Qo‘mita shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida DSQ organlari tomonidan mazkur subyektlar faoliyati qat’iy nazoratga olinganini bildirgan. Shuningdek, tegishli tartibda nazorat tadbirlari amalga oshirilib borilishi rejalashtirilgan.