O‘zbekistonlik migrantlar uchun Rossiyaga kirib borish soddalashtirildi

Rossiya delegatsiyasi bilan qator uchrashuv va muzokaralar natijasida o‘zbekistonlik mehnat migrantlari (ishchilar) tayyor holatda Rossiya mehnat bozoriga kirib borishiga erishildi.
Sputnik
TOShKENT, 15 sen - Sputnik. O‘zbekistonlik migrantlar uchun Rossiyaga kirib borish soddalashtirilmoqda. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiriga Mehnat vazirligi matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva ma’lum qildi.
"O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy tarzda ishga joylashtirish, mehnat migrantlari sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ichki ishlar organlari vakolatiga tegishli masalalarga bag‘ishlangan muhokamalar olib borildi. Shu paytgacha Rossiya Federatsiyasiga ishga boruvchi fuqarolar patent hujjatini olishi uchun usha mamlakatda 5 xil turdagi tibbiy ko‘rikdan o‘tishi hamda barmoq izini ichki ishlar bazasiga kiritish uchun 1 oygacha bo‘lgan muddat talab qilinar edi. Rossiyalik hamkorlar bilan qator uchrashuv va muzokaralar natijasida shu kabi ishlar endilikda O‘zbekistonda amalga oshirilib, ishchilar tayyor holatda Rossiya mehnat bozoriga kirib boradigan bo‘ldi", - dedi Mirzayeva.
Migrantlar uchun qulaylik: Moskva metrosida o‘zbek tilida belgilar paydo bo‘ldi - foto
Ta’kidlanishicha, Rossiya Federatsiyasi mehnat migratsiyasi bo‘yicha delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha quyidagilarga erishildi:
1. Qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga jalb qilish bo‘yicha pilot loyiha doirasida 10 ming mehnat migranti yaqin vaqt davomida soddalashtirilgan tartib asosida O‘zbekistondan Rossiyaga ishga jalb qilinadi.
Nomzodlarni ishga jalb qilish bilan bog‘liq, jumladan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanishi ko‘zda tutilmoqda.
O‘n ming migrant charter poyezdlar orqali Rossiyaga olib ketiladi - RFdan delegatsiya keldi
2. Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni emlash va koronavirusga qarshi test topshirish jarayonlarini ikki davlat mutaxassislari tomonidan Rossiya tomoni tibbiy uskunalari yordamida birgalikda O‘zbekistonda amalga oshirish hamda ularning natijasi bo‘yicha tibbiy ma’lumotlarni "COVID-19siz sayohat" ilovasi tizimiga integratsiya qilish belgilandi.
3. Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun patent olishda talab etiladigan daktiloskopik ro‘yxatga olish va rasmga olish jarayonlarini ikki davlat Ichki ishlar vazirliklari tomonidan Rossiya tomoni uskunalari yordamida O‘zbekistonda amalga oshirishga kelishib olindi. Ta’kidlash joiz, ikki davlat o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida erishilgan ushbu kelishuvlar Rossiya federatsiyasida ishlash istagida bo‘lgan ko‘plab o‘zbekistonliklar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlari qisqarishiga olib keladi.