TOShKENT, 15 sen – Sputnik. O‘zbekistonda 1 mln AQSh dollari ko‘rinishidagi soxta kupurani sotayotgan firibgarlar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Departament va DXX valyuta qimmatliklarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldini olish maqsadida tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda qanday qiymatga ega bo‘lmagan, 1988-yilda ishlab chiqarilgan 1 mln dollar ko‘rinishidagi yaxlit kupurani sotmoqchi bo‘lgan F.N. va I.P. ushlangan. Ular bu soxta pullarni fuqaro U.ga 40 ming dollarga sotishmoqchi bo‘lishgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.