TOShKENT, 14 sen – Sputnik. O‘zbekiston qonunchiligida vaksina olmagan xodim bilan mehnat shartnomasi bir tomonlama bekor qilinishi belgilab qo‘yilgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Botir Qurbonov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda xalq bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan barcha toifadagi soha vakillari 1-sentabrga qadar vaksinaning 1- dozasi, 1-oktabrga qadar 2-dozasi, o‘zbek-xitoy vaksinasi bo‘lsa, 1-noyabrga qadar 3- dozasi bilan to‘liq emlangan bo‘lishlari kerak.
“Agar qaysidir korxona xodimi ko‘rsatilgan tartibda vaksina olmagan bo‘lsa, mehnat qonunchiligiga mos ravishda ushbu shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bir tomonlama bekor qilinishi belgilab qo‘yilgan. Shu tariqa tashkilot rahbari jamoa orasida kasallik tarqalishiga mas’ul hisoblanadi”,- deydi Botir Qurbonov.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kungacha mamlakatga 24 million dozadan ortiq vaksina keltirildi. Shu kungacha qo‘llanilgan vaksinalarning 79 foizi – ZF -UZ-VAC2001, 14 foizi – Moderna, 5 foizi – AstraZenesa, 2 foizi – "Sputnik V" vaksinalaridir.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 18 yoshdan oshgan 14 ta toifadagi fuqarolar koronavirusga qarshi emlanishi shart etib belgilangan.