Prezident transplantologiya sohasini rivojlantirishni topshirdi

Moliya vazirligiga transplantolog jarrohlarga ish haqini tabaqalashtirilgan tarzda to‘lash tizimini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
Sputnik
TOShKENT, 14 sen - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda organlar transplantatsiyasi bo‘yicha jarrohlik amaliyotlarni rivojlantirish vazifasi qo‘ydi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 500 nafar bemor jigar, 1 ming 500 nafar kishi buyrak transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligini bildirmoqda. Lekin bunga hozirgi kunda jarrohlik bo‘limlarining jihozlanishi va malakali mutaxassislar yetishmasligi hamda immunogenetik tekshiruvlar laboratoriyasi yo‘qligi to‘siq bo‘lmoqda.
Ushbu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev, ilg‘or texnologiyalar asosida tashxis qo‘yish, operatsiya qilish va davolash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, chet ellardagi yetakchi tibbiyot muassasalariga malaka oshirishga yuborish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, moliya vazirligiga bu maqsadlar uchun zarur mablag‘ ajratish, transplantolog jarrohlarga ish haqini tabaqalashtirilgan tarzda to‘lash tizimini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 750 mingta jarrohlik amaliyoti bajariladi. Respublika tibbiy markazlarida amalga oshirilayotgan operatsiyalar turi 350 taga, viloyat markazlarida 130 taga, tuman shifoxonalarida 60 taga yetdi. Undan tashqari 32ta shifoxonada zamonaviy endovaskulyar xirurgiya bo‘limlari tashkil etilgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bu yo‘nalishdagi asosiy muassasadir. Hududlarda uning 14 ta filiali faoliyat yuritmoqda.
Undan tashqari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida kardiojarrohlik, transplantologiya va neyro-qon-tomir jarrohligi bo‘limlari uchun yangi bino qurilmoqda.