TOShKENT, 14 sen – Sputnik. 13 sentabr kuni O‘zbekistonga Polshadan 252 ming doza AstraZeneca vaksinasi olib kelindi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zA xabariga ko‘ra, bu vaksinalar Polsha hukumatining COVID-19ga qarshi kurashda O‘zbekistonga beg‘araz yordami bo‘lgan.
Insonparvarlik yukini O‘zbekiston tomoniga Polsha davlat kotibi, Milliy xavfsizlik burosi rahbari Pavel Solox hamda ushbu mamlakatning Strategik zaxiralar bo‘yicha hukumat agentligi prezidenti Mixal Kuchmerovski topshirdi.
Ta’kidlanishicha, vaksinalar mamlakatning barcha hududlariga taqsimlanadi va ulardan yaqin 40 kun ichida foydalaniladi.
Hozirgacha O‘zbekistonda jami 16 861 167 doza vaksinadan foydalanilib, to‘liq emlangan fuqarolar 3 121 019 nafarni tashkil qilmoqda.