TOShKENT, 14 sen — Sputnik. Sergiyev Posad tumanida ro‘y bergan shov-shuvli hodisadan so‘ng, Podmoskovye gubernatori Andrey Vorobyev Bujaninovada mehnat muhojirlari uchun yotoqxonani yopish buyrug‘ini berdi.
Gubernator bayonotiga ko‘ra, bu qaror qabul qilinishiga mahalliy aholi bildirgan fikrlar sabab bo‘lgan.
"Baxtsiz voqea yuz bergan joyga yaqin joylashgan yotoqxona bugunning o‘zida yopiladi. Agar mahalliy aholi bunga qarshi ekan - uni qoldira olmaymiz", - degan Vorobyov.
Moskva viloyati gubernatorining so‘zlariga ko‘ra, eng qisqa vaqtda migrantlar eng ko‘p to‘planadigan barcha joylarda tekshiruvlar o‘tkaziladi.
"Migrantlar tomonidan sodir etiladigan har qanday huquqbuzarliklar, ayniqsa, jinoyatlarning keskin tarzda oldi olinishi kerak va shunday bo‘ladi ham", - degan hukumat vakili.
Vorobyev shuningdek, bu singari hodisalar chet el fuqarolarini xarakterlamasligini, RFga kirib keladigan aksariyat chet elliklar vijdonan mehnat qilishlarini e’tirof etgan.
Eslatib o‘tamiz, Moskva viloyatining Sergiyev Posad tumanida ikki nafar erkak nafaqadagi kampirni zo‘rlash va o‘ldirishda gumonlanib qo‘lga olingan. Hukumat taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, gap 1984 va 1988-yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarolari haqida bormoqda.