O‘g‘irlangan otni avtomobilda olib ketayotgan qozog‘istonlik qo‘lga olindi – video

Sharqiy Qozog‘iston viloyati politsiya xodimlari chorva o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan 31 yoshli fuqaroni qo‘lga olishdi.
Sputnik
TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Sharqiy Qozog‘iston viloyati politsiya xodimlari chorva o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan 31 yoshli fuqaroni qo‘lga olishdi. Sputnik Qozog‘iston xabariga asosan.
Gumonlanuvchi o‘g‘irlangan jonivorlarni tiriklayin yengil avtomobil saloniga yuklab, yashirin joyga olib borgan. Keyinchalik mollarni sotish uchun xaridorlarni qidirgan.
Gumonlanuvchi sentabr oyi boshida navbatdagi o‘g‘irlikdan so‘ng qo‘lga olindi.
Politsiya gumonlanuvchining bir necha marta ot va buzoqlarni o‘g‘irlash, shu jumladan, oldingi yillarda sodir etilgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqladi.
"Tergov harakatlari davom etmoqda, o‘g‘irlangan mollarni xaridorlari aniqlanmoqda. Gumonlanuvchining qilmishi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi (Hayvonlarni o‘g‘irlash) bo‘yicha kvalifikatsiya qilinmoqda, unga besh yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin”, - deydi viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari Talgat Shayaxmetov.
Qayd etilishicha, 2021-yilda viloyatda 52 nafar kishi chorva mollarini o‘g‘irlashda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan, chorva mollarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullanuvchi yetti jinoiy guruhning faoliyatiga chek qo‘yilgan.