TOShKENT, 11 sen - Sputnik. Markaziy saylov komissiyasi Alisher Qodirov va Narzulla Oblomuradovni prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga oldi.
MSK ushbu ikki nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari qonun talablariga mosligi inobatga olib, O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan Qodirov Alisher Keldiyevich va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Oblomuradov Narzulla Naimovich O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga oldi, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, majlisda yana 6 ta mahalliy OAVlarning jami 32 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Shunday qilib akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari soni jami 907 nafarni tashkil etmoqda.
Undan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnomasi tavsifi va namunasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, guvohnoma 125x90 millimetr o‘lchamdagi to‘q yashil rangli qattiq charm muqovali kitobcha ko‘rinishiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, savloy qonunchiligigan binoan, prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh (35) kun qolganida tugallanadi. Bugun saylovgacha 43 kun qoldi.