TOShKENT, 10 sen - Sputnik. O‘zbekistonga Rossiya Federatsiyasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirining o‘rinbosari Andrey Pudov boshchiligidagi delegatsiya tashrifi boshlandi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Tashrif bugun 10-sentabrda boshlandi va 11-sentabrgacha davom etadi.
Tashrifning birinchi kunida mehmonlar Toshkent shahrida joylashgan band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi "Ishga marhamat" monomarkazi faoliyatni bilan tanishdi. Shu bilan birga, shu kuni "Qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga jalb qilish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish"ga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad esa qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining o‘n ming nafar mehnat migrantini charter poyezdlari orqali Rossiya Federatsiyasiga olib ketishdir.
Tadbirni ochib berar ekan, O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov O‘zbekiston va RF o‘rtasida strategik munosabatlar o‘rnatilgani, mehnat migratsiyasi sohasi rivoj topayotganini aytib, so‘nggi uch yilda bu yo‘nalishda uchta hukumatlararo bitimlar imzolanganini qo‘shimcha qildi.
Xususan, mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytarish, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun qulayliklar yaratish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida xorijiy davlatlar vakolatlari tashkilotlari va salohiyatli ish beruavchilari bilan doimiy muzokaralar olib borilmoqda.
Tadbirda mehnat migrantlarini tashkillashtirilgan holatda ishga jalb qilish, migrantlarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ikki mamlakat IIV o‘rtasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha sessiya majlislari o‘tkaziladi.
Husanovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati o‘tgan yildan boshlab xorij davlatiga chiqib ketayotgan har bir mehnat migrantiga alohida e’tibor bilan qaramoqda.
"Bizning asosiy vazifamiz, mamlakatdan ishlash uchun chet elga ketayotgan hech bir migrant kasbiy tayyorgarliksiz chiqib ketmasin. Bu maqsadda mamlakatimizning barcha regionlarida yuzdan ziyod tayyorlov markazlari tarmog‘i ishga tushirilgan. "Ishga marhamat" mono-markazlarida esa 30ga yaqin kasblarga va beshta xorijiy tillarga o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yilgan", - dedi Husanov.
O‘zbekiston Mehnat vazirining ta’kidlashicha, joriy yilning 8 oyi davomida 51 mingdan ziyod mehnat migrantlari Rossiya Federatsiyasida ishga joylashtirilgan.
Mehnat migrantlarini huquqiy tomondan himoya qilish maqsadida O‘zbekiston hukumati bir nechta dasturlarni hayotga tatbiq etib kelmoqda.