“Hizb-ut Tahrir”*ga a’zo bo‘lgan 29 nafar ayol qo‘lga olindi

“Hizb-ut Tahrir” ekstremistik tashkilotining “Ayollar qanoti” jamoasi a’zolarini jinoiy faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 10 sen — Sputnik. 10 sentabr kuni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159 va 2442 - moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida hozirda qidiruvda bo‘lgan “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti a’zolari – 1970 y.t., L.Umarova va 1974 y.t., M.Saydaminovalar bilan internet tarmog‘i va turli ijtimoiy messenjerlar orqali aloqa qilib, ularning ko‘rsatmalari asosida aholi orasida tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qilish va tashkilot safini kengaytirish bilan shug‘ullanib kelgan Toshkent shahrining Shayxontohur, Uchtepa, Olmazor, Sirg‘ali va Yakkasaroy tumanlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent va Qibray tumanlarida yashovchi 29 nafar “Hizb-ut Tahrir” ekstremistik tashkilotining “Ayollar qanoti” jamoasi a’zolarini jinoiy faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
FXX “Hizb ut-Tahrir”*ning 15 nafar a’zosini qo‘lga oldi - video
Ayollarning yashash manzillarida va uyali aloqa vositalarida ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.
Hozirda ayollarning noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlikka tortish maqsadida tergov-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti