TOShKENT, 9 sen — Sputnik. Eron Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) qo‘shiladi, ShHTga qo‘shilish jarayoning boshlanishi Tojikistonda bo‘lib o‘tadigan sammitda e’lon qilinadi, deb xabar beradi "Kommersant" gazetasi o‘z manbalariga tayanib.
ShHT sammiti 16-17 sentabr kunlari Dushanbeda bo‘lib o‘tadi. Hozir tashkilotga Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston a’zo bo‘lgan.
"Tez orada tashkilotda to‘qqizta a’zo bo‘ladi. Dushanbeda bo‘ladigan sammitda davlat rahbarlari ... o‘z saflariga Eronni qabul qilinishini e’lon qilishlari kerak", deyiladi maqolada.
Qayd etilishicha, ShHTga a’zo bo‘lish jarayoni biroz ko‘proq vaqtni olishi mumkin.
Shanxay hamkorlik tashkiloti - Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan asos solingan doimiy hukumatlararo xalqaro tashkilot.
ShHTni tuzish to‘g‘risidagi deklaratsiya 2001-yil 15-iyunda Shanxayda olti davlat rahbarlarining uchrashuvida imzolangan. 2017-yil 9-iyunda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari Hindiston va Pokistonni tashkilotga qabul qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladilar. Hozir ShHTda kuzatuvchi-davlatlar - Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, sherik-davlatlar - Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka.