TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan va natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 5-sentabrdan apellyatsiya shikoyati berishlari mumkin. Bu haqda Davlat test markazi xabar qilmoqda.
Shikoyatni onlayn apellatsiya.dtm.uz sayti orqali berish mumkin. Apellatsiya arizalari 14-sentabrga qadar qabul qilinadi.
Bunda apellyatsiya arizasini bermoqchi bo‘lgan abituriyent dastlab apellatsiya.dtm.uz saytining "Bakalavr-2021" bo‘limiga kirib, pasport seriyasi va raqami hamda shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritishi lozim.
Agar abituriyent haqiqatan ham test sinovlarida ishtirok etgan va test sinovlaridan chetlatilmagan bo‘lsa, apellyatsiya arizasini berishi mumkin bo‘ladi va ariza berish oynasi ochiladi.
Mazkur sahifaga tegishli ma’lumotlarni kiritish orqali apellyatsiya arizasi beriladi.
Apellyatsiya arizasini bergan abituriyentlarga uni ko‘rib chiqish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi. Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xabarnoma va abituriyent ruxsatnomasi bilan Davlat test markaziga kelishi shart.
Apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish apellyatsiya komissiyasi tomonidan 2021-yil 7-sentabrdan boshlanadi.
Apellatsiya.dtm.uz saytida uchta bo‘lim mavjud bo‘lib, magistratura mutaxassisliklariga kirish imtihonlarining chet tili fani va xorijiy davlatlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha apellyatsiya arizalari mazkur imtihonlarning yakuniy natijalari e’lon qilingandan so‘ng ishga tushiriladi.