TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Afg‘onistonda “Tolibon”*ga qarshi tashkil etilgan qarshilik ko‘rsatish fronti Panjsherda toliblarning to‘rt yo‘nalish bo‘ylab uyushtirgan hujumlari qaytarilganini ma’lum qildi.
Pariyandagi vaziyat eng yomoni bo‘lgan. Qarshilik ko‘rsatish kuchlari tomonidan 30 kishi qurbon bo‘lgan, yana 50 kishi yaralangan.
Toliblar tomonidan yuzlarcha qurbon berilgani aytilmoqda. Ularning ayrim kuchlari chekingan yoki asirga tushgan.
“Asirga olinganlarning ko‘pi xorijliklardir, aksariyatlari pokistonliklar”, - deb yozgan Qarshilik ko‘rsatish fronti matbuot kotibi Fahim Dashtiy Twitterʼda.
Panjsherdagi kuchlar qo‘liga jangarilar texnika qa qurol-yarog‘lari o‘tgan. Shuningdek, ular jang vaqtida toliblarning 4 komandirini qo‘lga olishgan.
O‘z navbatida, toliblar buning aksini ta’kidlashmoqda. “Tolibon”* ma’lumotlariga ko‘ra, aynan ular Panjsherni nazorat qilishmoqda.
Sputnik Afg‘oniston Panjsherdagi kuchlar yetakchisi Ahmad Mas’udning bugungi suratini chop qildi. U Parandadagi blokpostlarni ko‘zdan kechirgan.
“Shunday xulosa chiqarish mumkin: Panjsher vodiysining markaziy tumanlari hali ham Qarshilik ko‘rsatish fronti nazorati ostida. Shimol va janub esa, ehtimol, qo‘ldan boy berilgan”, - deya yozadi nashr.
* Rossiya va qator mamlakatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti