TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Gulnoza Ismoilova European International Womenʻs Leadership Awards mukofotining 2021-yilgi sovrindori bo‘ldi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar bermoqda.
Forum davomida mukofotlar Germaniya (yashil texnologiyalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi), Mo‘g‘uliston (ayollarni ishga joylashtirishga qo‘shgan hissasi), Marokash (davlat sektorida ayollarning ishtirokini kengaytirishga qo‘shgan hissasi), Belgiya (zaif ayollarni himoya qilish hissasi), Falastin (ziddiyatlar sharoitida ayollarni himoya qilishga qo‘shgan hissasi), Kashmir (ayollar qadr -qimmatini himoya qilishga hissasi) va O‘zbekiston (gender tenglik va demokratik jarayonlar uchun) ayollariga topshirildi.
Yevropa Ittifoqi poytaxti Brusselda bo‘lib o‘tgan mazkur taqdirlash marosimida Germaniya, AQSh, Isroil, Belgiya, Buyuk Britaniya, Belgiya kabi mamlakatlarning vakillari ham ishtirok etishdi.
"European International Womenʻs Leadership Awards taqdimoti jamiyatda va hayotda faolligi bilan minglab ayollarning ovoziga aylangan, ayollar haqidagi mavjud stereotiplarni o‘z faoliyati bilan o‘zgartirishga hissa qo‘shayotgan ayollar uchun e’tirofdir”, - deyilgan xabarda
Mazkur taqdimot ilk bor 2019-yilda turli qit’alardan yig‘ilgan ayollar ishtirokida o‘tkazilgan. Shundan buyon Yevropa Ittifoqining mazkur mukofoti jahonning barcha davlatlaridan ishbilarmon, bilimli va faol ayollarni taqdirlash va ularni mehnatini dunyo hamjamiyatiga tanishtirish maqsadida tashkil etib kelinmoqda.