O‘zbekistonda qizlar maktabga ro‘mol va do‘ppida borishlari mumkin

Yangi o‘quv yilida O‘zbekiston hududida milliy qadriyatlarni inobatga olgan holda o‘quvchi qizlar uchun istisno tariqasida maktabda oq va ochiq ranglarda milliy ro‘mol va do‘ppida bo‘lishlariga ruxsat etildi.
Sputnik
TOShKENT, 4 sen — Sputnik. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 2021-2022 o‘quv yili tashkil etilishiga bag‘ishlangan ochiq muloqotda o‘quvchi qizlar uchun istisno tariqasida maktabda oq va ochiq ranglarda milliy ro‘mol va do‘ppida bo‘lishlari mumkinligini aytdi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra bundan ko‘zlangan maqsad qizlarni sifatli o‘qitishni ta’minlash.
Bunday qarorga ko‘pchilik ota-onalarning takliflari va murojaatlarini inobatga olib kelinganligi aytilmoqda. Lekin qonunchilikda belgilangan tartiblar o‘z kuchida. Qarordan tashqari istisno tariqasida oq va ochiq ranglardagi do‘ppida va ro‘molda (boshning orqa qismidan o‘ragan holatda) bo‘lishga ruxsat beriladi.
“Bu istisno holat, bu hamma shunday kelishi kerak degani emas. Va shu bilan birga har xil targ‘ibotlarga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Ta’lim va din alohida masala. Har xil musiqa fanlarini dars jadvalidan chiqarish kerak, boshqa bir ta’limni yo‘lga qo‘yish kerak degan fikrlar ham o‘rinsiz”,- deydi vazir o‘z so‘zida. Shu bilan bir qatorda muloqotda Sherzod Shermatov qizlarni ta’limiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini alohida ta’kidladi.
“Birgina Toshkent shaxrini oladigan bo‘lsak, eski shahar hududidagi Shayxotohur, Olmazor, Uchtepa tumanlarida qizlarning oliy ta’limga kirishi eng past ko‘rsatkichda. Vodiyni olib qaraydigan bo‘lsak ham Farg‘ona viloyatida eng yuqori ko‘rsatkichda bo‘lgani holda uning yonida Marg‘ilon, Qo‘qonda eng past ko‘rsatkichni guvohi bo‘lamiz. Aziz ota-onalar qizlarimizni o‘qitishga befarq qaramaylik”,- deydi xalq ta’limi vaziri.
Avvalgi o‘quv yillarida maktab hududida ro‘molda bo‘lish yuzasidan ko‘plab ziddiyatli vaziyatlar yuzaga kelganligi kuzatilgan bo‘lsa, bu yil istisno tariqasida ushbu masalaga oydinlik kiritildi.