“Vatanparvarlik yoki bezorilik”: Toshkentda haydovchilar ustunlardan bayroqlarni yechib olishdi

Ayrim haydovchilar bayroqlarni o‘zlarining avtomashinasiga o‘rnatib, Mustaqillik bayramini mana shunday nishonlamoqchi bo‘lishgan.
Sputnik
TOShKENT, 2 sen – Sputnik. Internet tarmog‘ida ayrim haydovchilar Toshkent shahri ko‘chalaridagi ustunlarga o‘rnatilgan davlat bayrog‘ini o‘zboshimchalik bilan yechib olayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Poytaxt IIBB bunga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yil 1-sentabr kuni poytaxtning bir nechta tumanlarida transport vositalarining haydovchilari va yo‘lovchilari bayram munosabati bilan hokimiyat tomonidan o‘rnatilgan davlat bayroqlarini o‘zboshimchalik bilan yechib olishgan. Ular bu bayroqlarni o‘zlarining avtomashinasiga o‘rnatib, bayramni nishonlamoqchi bo‘lishgan.
Biroq bayroqlar transport vositasiga mustahkamlab o‘rnatilmagani sabab harakatlanish chog‘ida noqulayliklar tug‘dirib, harakat xavfsizligiga tahdid solgan.
Shuningdek ushbu holatlar fuqarolar tomonidan davlat ramzlari va davlat mulki to‘g‘risidagi qonun talablarini buzilishiga olib kelgan. Bunday haydovchilarga nisbatan ichki ishlar organlari xodimlari chora ko‘rgan.
Idora bu kabi huquqbuzarliklar uchun O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 203-1-moddasida (“Davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish”) ma’muriy javobgarlik borligini eslatgan.
“Vatanparvarlik o‘z vataningiz qonunlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lishda namoyon etilmasligi kerak. Vatanparvarlikni qonunlarga rioya etgan holda namoyon qiling”, - deyilgan xabarda.