TOShKENT, 31 avg – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 100 mingdan ortiq o‘zbekistonlik qatag‘onga uchragan. Ularning qanchasi “xalq dushmani” degan tuhmat bilan shafqatsiz otib tashlangan. Yana qanchasi surgun qilinib, azob-uqubatlarga duchor etilgan. Oilalari parokanda bo‘lib, mol-mulklari tortib olingan.
Bu yil Shahidlar xotirasi xiyobonida bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi binosi rekonstruksiya qilindi.
Shavkat Mirziyoyev 31-avgusta posetil alleyu "Shaxidlar xotirasi"
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Prezident ushbu muzeyni kirib ko‘rdi. U yerda yaratilgan sharoitlar, tarixiy hujjatlar bilan tanishdi.
“Ko‘rinib turibdiki, katta salohiyatga ega yetakchilar, olimlar, adiblar, shifokorlar, o‘qituvchilar qatag‘on qilingan. Ular xalqimizning eng sara vakillari edi. Mustabid tuzumga millat ko‘zini ochadigan, unga o‘zligini tanitadigan ziyoli insonlar kerak emas edi. Ularning aybi - buyuk bo‘lgani”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, qatag‘on qurbonlarining nomlari, ularning hayoti va faoliyati viloyatlar, tumanlar kesimida aniqlanmoqda. Bu ma’lumotlar asosida ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobi nashrga tayyorlanayapti.
Prezident bunday katta, ilmiy asarlar bilan birga maktab o‘quvchilari uchun sodda tilda, kichik-kichik kitoblar chiqarish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga Tarix institutining ilmiy xodimlarini biriktirib, har bir hududdagi jadid bobolarimiz, qatag‘on qurbonlari nomini tiklab borish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Davlat rahbari tarixni o‘rganish va o‘rgatish vazifalari haqida gapirdi.
“Biz shu vaqtgacha tarixning o‘zimizga yoqqan joylarini olib, yoqmagan tomonini yashirib o‘tdik. Birovga yoqadimi-yoqmaydimi, g‘ururimizmi-armonimizmi, muvaffaqiyatmi yo xiyonatmi - hammasini haqqoniy yozish kerak”, - deya ta’kidladi prezident.