TOShKENT, 31 avg — Sputnik. AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarni chiqarishni yakunladi. Bu haqda Pentagon vakili general Kennet Makkenzi bayonot berdi.
"Qo‘shinlar chiqarilishi yakuniga yetishi bilan yigirma yillik missiya o‘z yakuniga yetdi", - deya ta’kidladi u.
Makkenzining so‘zlariga ko‘ra, askarlar mamlakatdan chiqib ketishdan oldin o‘zlaridagi bor qurol-aslahani yo‘q qilgan. Gap, jumladan, 26ta harbiy avtomobillar, 73ta samolyot, shuningdek, raketalarga qarshi xavfsizlikni ta’minlash tizimlari haqida bormoqda.
AQSh fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasida amerika harbiylari Qobul aeroportini boshqa nazorat qilmasligini ma’lum qilishdi. Endilikda havo bandargohi RFda ta’qiqlangan "Tolibon" radikal harakati hukmiga o‘tgan.
Amerika qo‘shinlarining chiqarilishini ko‘chalarda o‘q uzish bilan nishonlashdi. Guvohning so‘zlariga ko‘ra, o‘qlar Afg‘onistondan uchib ketayotgan amerikaliklar tomon qarab uchmoqda.
Toliblar siyosiy ofisi burosi vakili Muhammad Naimning so‘zlariga ko‘ra, kuni kecha mamlakatni eng so‘nggi harbiy xizmatchi tark etgan.
"Endilikda bizning davlatimiz to‘liq ozod va mustaqil bo‘ldi", - deb bayonot bergan u.
O‘z navbatida AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken Afg‘onistonda mamlakatni tark etish niyatida bo‘lgan 100dan ziyod amerikaliklar borligi haqida xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, Amerika respublikadagi harbiy operatsiyani 2001-yilda boshlagan. AQSh prezidenti Jo Bayden aprel oyi oxirida Afg‘onistondan qo‘shinlar chiqarilishi haqida e’lon qilgan edi.
Amerika askarlarining mamlakatni tark etishi toliblar faollashuviga olib keldi: uch oy ichida jangarilar mamlakat hududini qariyb to‘liq bosib oldilar. Jumladan, 15-avgust kuni ular Qobulni nazoratga olib, respublikada urush tugagani haqida e’lon qilgan edilar.