TOShKENT, 30 avg – Sputnik. Sirdaryo viloyati Xovos tumani hududida mayning-fermalardan noqonuniy ravishda foydalanib kelgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda viloyat Bojxona boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro E.D.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan. Aniqlanishicha, fuqaro X.I. kompyuter ehtiyot qismlaridan qo‘lbola usulda yasalgan, katta hajmdagi kripto-aktiv qurilmalaridan litsenziyasiz foydalanib kelgan.
Shuningdek, tadbir davomida elektr energiyasidan foydalanish holati o‘rganilgan. Unda, 265,2 mln so‘m miqdorida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.
E.D. va X.I.dan 11 turdan iborat jami 3529 dona, taxminiy qiymati 9,2 milliard so‘mlik kompyuter qurilmalari va boshqa turdagi tovar-moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olingan.
Surishtiruvda fuqaro X.I. bu noqonuniy faoliyatni Janubiy Koreya davlati fuqarosi S.Y. bilan birgalikda tashkillashtirgani oydinlashgan.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.