TOShKENT, 30 avg – Sputnik. Avgust oyining oxirgi kunlari O‘zbekistonning ko‘pchilik viloyatlarida quruq va huddi yoz oylaridek issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar qilmoqda O‘zgidromet.
Faqat Toshkent viloyatida hamda respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida momaqaldiroq bilan biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Bu janubi-g‘arbiy Qozog‘iston hududlaridan nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi bilan bog‘liqdir.
Respublika bo‘ylab ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati ushbu kunlarda kechalari +15...+20, kunduz kunlari +30...+35 darajani tashkil etadi.
Sentabr oyining birinchi besh kunligida Mustaqillik bayramini nishonlash kunlarida O‘zbekiston hududiga Eron hududlaridan yana issiq va quruq havo kirib kelishi boshlanadi.
Respublikaning barcha hududida kuchsiz, ba’zi joylarda biroz shamollar bilan asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.
Harorat yana ko‘tarila boshlaydi va haftaning oxiriga kelib kunduz kunlari termometr ustuni +36...+39 darajagacha ko‘tariladi.