TOShKENT, 30 avg – Sputnik. 30 avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkent shahriga tashrif bilan kelgan germaniyalik hamkasbi Xayko Maas bilan uchrashuv o‘tkazdi.
TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Germaniya hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi, bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali va kun tartibi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Afg‘onistondagi bugungi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Xayko Maas O‘zbekiston tomoniga Afg‘onistondan Germaniya va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolarining evakuatsiyasini tashkillashtirishda ko‘rsatgan yordami uchun yana bir bor minnatdorlik bildirdi.
“Tomonlar Afg‘oniston yo‘nalishida yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildilar”, - deyilgan xabarda.
Uchrashuvda ikki mamlakatning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorligi yuzasidan ham fikr almashildi.