TOShKENT, 28 avg — Sputnik. “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 215 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 127 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 12 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 73 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 14 nafarini ayollar, 12 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 69 nafarini chet davlat fuqarolari, 15 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.