Polsha prezidenti O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi

Mirziyoyev va Duda Afg‘onistondagi voqealarning rivojlanishi nuqtayi nazaridan mintaqadagi joriy vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.
Sputnik
TOShKENT, 26 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Polsha prezidenti Anjey Duda bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yetakchilar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni, shu jumladan siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi samarali sheriklikni davom ettirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Ta’kidlanishicha, davlat rahbarlari Afg‘onistondagi voqealarning rivojlanishi nuqtayi nazaridan mintaqadagi joriy vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.
“Polsha Prezidenti fuqarolarni Afg‘onistondan mamlakatimiz hududi orqali Polshaga evakuatsiya qilish bo‘yicha gumanitar operatsiyalarni amalga oshirishga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi”, - deyilgan xabarda.
Afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal qilish maqsadida yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Britaniya elchisi O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi