TOShKENT, 26 avg – Sputnik. Surxondaryo viloyatida bojxonachilar qariyb 100 kiloga yaqin giyohvandlik vositalarini olib kirishga uringan haydovchini ushladi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, "Sariosiyo" chegara bojxona postiga 25-avgust kuni tungi soat 03:30 larda qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi “Mercedes-Benz” rusumli yuk avtotransport vositasi kirib kelgan.
Haydovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidek, avtotransport vositasiga 20 tonna og‘irlikdagi ip kalava yuklanganini aytadi.
Ammo avtomobil tirkamasi belgilangan tartibda xizmat iti ko‘magida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, tirkamaning old tomoni pastki qismiga xufiyona tarzda jami 93 dona polietilen o‘ramlar yashirilgani fosh qilingan.
Yashil va qizil ranglardagi 82 ta o‘ramga 85 kilogramm 505 gramm og‘irlikdagi geroin hamda 11 dona sariq rangli o‘ramga 11 kilogramm 425 gramm og‘irlikdagi gashish giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.
Jami 96 kilogramm 930 gramm og‘irlikdagi narkotik musodara qilingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda 2020-yilda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 53 ta holatlarda 55 nafar chet el fuqarolari ushlangani xabar qilingan.