O‘zbekistonda har ikki yilda Xalqaro kulolchilik forumi o‘tkaziladi

Dastlabki Forum 2022-yil sentabr oyida Rishton tumanida II Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkaziladigan kunlari tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 25 avg – Sputnik. “Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosini o‘tkazish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marta sentabr oyida Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi (Forum) o‘tkaziladi.
Dastlabki Forum 2022-yil sentabr oyida Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida II Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkaziladigan kunlari tashkil etiladi.
Forum Tashkiliy qo‘mita tomonidan Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda kelgusida bosqichma-bosqich respublikaning boshqa hududlarida o‘tkazilishi mumkin.
Xalqaro aeroport va temir yo‘l vokzallarida kulolchilik savdosi uchun maxsus joy ajratiladi
Qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-martgacha Forum rasmiy veb-sayti ishga tushiriladi, jumladan unda hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa esdalik sovg‘alari sotuvi tashkil etiladi.
Shunga ko‘ra, mazkur veb-sayti orqali hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa esdalik sovg‘alari sotilganda 2024-yil 1-oktabrgacha davlat xaridlarini amalga oshirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.
Xorijga olib chiqib ketish uchun badiiy ekspertizadan o‘tkazilishi talab etiladigan hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa esdalik sovg‘alari ular sotib olingan kunda tadbirlar o‘tkazilayotgan joyning o‘zida to‘lov undirilmasdan badiiy ekspertizadan o‘tkaziladi.