TOShKENT, 25 avg - Sputnik. O‘zbekiston Oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi OTMda yangi o‘quv yili qay shaklda boshlanishiga aniqlik kiritdi.
Ta’kidlanishicha, OTMlarda yangi o‘quv yili an’anaviy (oflayn) shaklda boshlanadi.
"Oliy ta’lim muassasalarida 2021/2022 o‘quv yili 6-sentabrdan bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari uchun an’anaviy (oflayn) shaklda boshlanadi", - deyiladi xabarda.
Sal avval Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan oliy ta’lim muassasalarining pandemiya sharoitida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda ta’lim jarayonini an’anaviy (oflayn) tarzda tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik holati o‘rganilayotgani xabar qilingan edi.
Jumladan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalardan pandemiya sharoitida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini, ularning ota-onalaridan ham farzandlari sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan qarashlari va, albatta, vaksinatsiya jarayonida faol ishtirok etishlarini so‘ragan edi.