TOShKENT, 25 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Buyuk Britaniya elchisi tranzit orqali O‘zbekiston hududidan o‘tayotgan Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonalarni, shuningdek, mahalliy afg‘on xodimlarini evakuatsiya qilishda faol yordam ko‘rsatgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Muloqotda Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat, xalqaro hamjamiyatning Afg‘oniston inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tomonlar, shuningdek, Afg‘oniston yo‘nalishida O‘zbekiston-Britaniya o‘zaro munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilishdi.