Markaziy Osiyoda "Al-Qoida"* va "ID"*ning "uyqudagi yacheykalari" bor - Kazakbayev

Qirg‘iziston TIV rahbari Kazakbayev Markaziy Osiyoda "Al-Qoida"* va "ID"*ning "uyqudagi yacheykalari" borligi haqida ogohlantirmoqda
Sputnik
TOShKENT, 24 avg - Sputnik. Qirg‘iziston TIV rahbari Ruslan Kazakbayev Markaziy Osiyoda "Al-Qoida"*, "ID"* va boshqa xalqaro terroristik uyushmalarning "uyqudagi yacheykalari" bor, deya taxmin qilmoqda. Biroq, uning aytishicha, bu yerda gap "Tolibon"* haqida borayotgani yo‘q.
"Agar "uyqudagi yacheykalar" haqida gapirilsa, bu toliblar haqida emas. "Tolibon"* harakati rahbariyati oldin ham ko‘plab marotaba ichki kun tartibiga diqqatni jamlaganini, tashqi ekspansiyaga doir hech qanday rejalari yo‘qligi haqida gapirgan edi", - dedi u RIA Novostiga bergan intervyusida, Qirg‘izistonda toliblarning "uyqudagi yacheykalari" mavjudligi haqidagi savolga javob berar ekan.
O‘zbekiston MOda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashadi - Mirziyoyev
"Markaziy Osiyo mamlakatlarida "Al-Qoida"*, "ID"* va boshqa xalqaro terroristik uyushmalarning "uyqudagi yacheykalari" bo‘lishi mumkin, ular o‘z mafkurasi tashviqotidan manfaatdor", - deya qayd etgan Kazakbayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "butun dunyoda xavfsizlikni ta’minlash borasida ko‘riladigan harakatlar va choralarning umumiy tizimli algoritmlari mavjud va bizning mamlakatimiz ham albatta, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi ular bilan hamkorlikda, ikkiyoqlama formatda va mintaqaviy tashkilotlar doirasida xuddi shunday choralarni ko‘rmoqda".
AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqarilgach, "Tolibon"* harakati jangarilari mamlakat hududini bosib olishni boshladi va 15-avgust kuni Qobulga kirib keldi. Respublika prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatni tark etdi. Vitse-prezident Amrulla Solix o‘zini vaqtinchalik davlat rahbari deb e’lon qilib, afg‘on poytaxti shimolidagi hududlarda toliblarga qarshi harakatlarni tashkillashtirdi. 16-avgustga o‘tar kechasi toliblar siyosiy ofisi vakili Muhammad Naim Afg‘onistonda urush yakun topganini, davlat boshqaruv shakli esa tez orada aniqlanishini aytdi.
* Rossiyada ta’qiqlangan terrorchi tashkilot.