O‘zbekiston MOda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashadi - Mirziyoyev

Sessiyada qo‘shni Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat hamda mintaqadagi barqarorlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Sputnik
TOShKENT, 23 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti 23-avgust kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlab videoanjuman shaklida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etdi.
Tojikiston pprezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan yig‘ilishda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz prezidenti Sadir Japarov, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va KXShT bosh kotibi Stanislav Zas qatnashdi.
Mirziyoyev va Rahmon Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi
Sessiyada qo‘shni Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat hamda mintaqadagi barqarorlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil fikr almashildi.
O‘zbekiston prezidenti uchrashuv ishtirokchilarini mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashish, shu jumladan Afg‘oniston bilan Davlat chegarasini ishonchli qo‘riqlash va himoya qilish borasida olib borilayotgan tadbirlar to‘g‘risida xabardor qildi.
O‘zbekiston yetakchisi mintaqa davlatlarining aloqador tuzilmalari bilan Afg‘oniston borasida samarali hamkorlik va tezkor axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Sammit yakunida mintaqadagi vaziyat yuzasidan o‘zaro maslahatlashuvlar va muntazam axborot almashishni davom ettirishga kelishib olindi.