TOShKENT, 19 avg – Sputnik. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga nomzod Srechko Katanes Toshkentga keldi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, uning tashrifining boisi ikki tomonlama muzokaralarning so‘nggi bosqichini o‘tkazishdir.
Sloveniyalik mutaxassisni O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va muxlislar kutib oldi.
Avvalroq O‘FA sloveniyalik tajribali murabbiy Srechko Katanes nomzodini milliy jamoa bosh murabbiyligiga ma’qul deb topgan edi.
2019 yilning sentabridan buyon O‘zbekiston terma jamoasini boshqarib kelayotgan Vadim Abramov Jahon chempionati saralash bahslarida muvaffaqiyatsizlikka uchragandan so‘ng iste’foga chiqarilgan edi.