TOShKENT, 19 avg – Sputnik. Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov Strategik rivojlanish agentligining bosh direktori lavozimiga tayinlandi. Prezident tegishli qarorga imzo chekdi.
Strategik rivojlanish agentligi 2021-yil 19-iyul kuni prezident farmoni bilan tashkil etilgan.
Agentlik vazifalariga tarmoqlar va hududlar kesimida investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirishning strategik masalalarini o‘rganish, investitsiya faoliyati istiqbolli tarmoqlari va yo‘nalishlarini aniqlash kiradi.
Bundan tashqari, mamlakatda investitsiya muhiti va tashqi savdo faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish, mamlakat ijobiy imijini shakllantirish hamda ilgari surish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanadi.
Laziz Qudratov 1981-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti va Xosey universiteti (Yaponiya) bitiruvchisi.
U 2003-2010 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar, Investitsiyalar va savdo vazirligida turli lavozimlarda ishlagan, 2010-2014 yillarda O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi, 2014-2016 yillarda Xorijiy investitsiyalarni axborot bilan ta’minlash va qo‘llab quvvatlar bo‘yicha "O‘zinfoinvest" agentligi direktori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Qudratov 2017-yil iyunida Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan, 2019-yil yanvarida qo‘mita Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi sifatida qayta tashkil etilgach, shu vaqtgacha vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. 2019-yil oktabr oyi boshida investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.