TOShKENT, 16 avg – Sputnik. Toshkentdagi Afg‘oniston elchixonasi mamlakat sobiq prezidenti Ashraf G‘ani O‘zbekistonda ekani haqidagi ma’lumotga ega emas. Bu haqda diplomatik missiya vakili RIA Novostiga ma’lum qildi.
Shuningdek, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston prezidenti Tojikiston orqali uchinchi mamlakatga uchib ketgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
"Janob Muhammad Ashraf G‘ani o‘tirgan samolyot Tojikiston havo hududiga kirmagan va mamlakat hududiga qo‘nmagan. Yana shuni ham ta’kidlash joizki, Tojikiston tomoni Afg‘oniston tomonidan tegishli so‘rov olmagan", — deyiladi Tojikiston TIV xabarida.
Bundan tashqari, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ham Ashraf G‘anining ushbu mamlakatda emasligini ma’lum qilgan.
Avvalroq qator nashrlar o‘z manbalariga tayangan holda G‘ani avvaliga Tojikistonga, so‘ng u yerdan O‘monga uchib ketgani haqida xabar berishgan edi.
“The New York Times” nashri esa G‘ani rafiqasi va ikki yordamchisi bilan birga O‘zbekistonga yo‘l olgani haqida yozdi. Ushbu axborotni Ashraf G‘anining shaxsiy qo‘riqchisi Al Jazeera telekanaliga ham tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, 15-avgust kuni “Tolibon”* jangarilari kechqurun Kobulga jangsiz kirishdi va hukumat kuchlari tomonidan qoldirilgan davlat muassasalarini egallashdi. Ular bir necha soat ichida poytaxtni boshqarishni o‘z qo‘llariga olishlarini aytishdi. Afg‘oniston yetakchisi Ashraf G‘ani “qon to‘kilishining oldini olish uchun” mamlakatni tark etganini bildirdi.
* Rossiya va qator mamlakatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti