Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi qabul qilindi

Toshkentda o‘tkazilgan "Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish" mavzuyidagi Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi yakunida Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi qabul qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 14 avg - Sputnik. Toshkentda o‘tkazilgan "Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish" mavzuyidagi Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi yakunida Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi qabul qilindi.
Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Butunjahon konferensiyasining asosiy tashkilotchilari – O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, jumladan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hisoblanadi.
Yoshlarni birlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi - Mirziyoyev MO sammitida nimalarni taklif qildi
Ushbu nufuzli xalqaro anjuman BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMTning O‘zbekistondagi jamoasi, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va F.Ebert nomidagi jamg‘arma bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Konferensiyaning ikki kunlik ishi davomida 67 nafar ma’ruzachi so‘zga chiqdi. Shundan 49 nafari xorijiy ekspertlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari hisoblanadi. Milliy ma’ruzachilar 18 nafar bo‘lib, 10 nafari yoshlardir.
Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi muxtasar muqaddima, xotima va 5 ta asosiy qismdan iborat.
Deklaratsiyaning “Pandemiya va yoshlar”, “Yoshlar – Barqaror rivojlanish maqsadlarining “drayver”i”, “Yoshlarning ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyati”, “Yoshlar va bandlik”, “Yoshlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari” nomli qismlarining har birida yoshlar huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan tegishli tashabbus, taklif hamda tavsiyalar qayd etilgan.