TOShKENT, 12 avg — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida xizmatlar sohasida yangi ish o‘rinlari tashkil etishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Prezident bu sohani iqtisodiyotda muhim drayverga aylantirish va 2023-yilga qadar xizmatlar hajmini ikki baravarga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Xususan, joriy yilning iyun-dekabr oylarida xizmatlar sohasida 415 mingta ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. Bu reja yangi tadbirkorlik subyektlari va tunu kun ishlaydigan savdo-ko‘ngilochar ko‘chalar tashkil etish, o‘zini o‘zi band qilish, birinchi qavat va yerto‘lalarni ijaraga berish orqali amalga oshiriladi.
Jumladan, iyun-iyul oylarida 24 ming kishi o‘zini o‘zi band qilgan, yangi tadbirkorlik subyektlarida 17 ming fuqaro ishli bo‘lgan.
Prezident bu tajribani mamlakatning boshqa hududlarida ham tatbiq etish bo‘yicha topshiriq berdi. Qonunchilikka o‘zgartirish kiritib, xizmat ko‘rsatuvchilarga moliyaviy yengilliklar berish orqali ular faoliyatini rasmiylashtirish muhimligi ta’kidlandi.