TOShKENT, 12 avg - Sputnik. Surxondaryo viloyatida 1,7 million kishini ichimlik suvi bilan ta’minlash yaxshilanadi. Bu haqida prezident huzurida 11-avgust kuni bo‘lib o‘tgan taqdimot marosimida ma’lum bo‘ldi.
Yangi loyihaga muvofiq "To‘palang" suv omboridan ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi. Suv omborining quyi qismida bosimni so‘ndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlari quriladi.
Yangi ichimlik suvi tarmog‘i uchun jami 361 kilometr quvur tortiladi, Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1 million 700 ming aholining suv ta’minoti yaxshilanadi, - deyilgan xabarda.
Loyihaning umumiy qiymati 138 million dollar bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Uni 2024-yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, bugungi kunda Surxondaryo viloyati aholisining 46 % markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, 218 ta suv inshooti va 3 ming kilometrdan ziyod tarmoqlar ta’mirga muhtoj. Viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori oshgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2-iyun kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida “To‘palang” suv omboridan ichimlik suvi tarmog‘i tortish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.