TOShKENT, 11 avg — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Mo‘ynoq tumanidagi stadionlardan birida ommaviy mushtlashuv aks etgan video tarqaldi.
Tuman hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 10-avgust kuni soat 18:00 da Mo‘ynoq tumani “Orol” klubi stadionida futbol bo‘yicha Qoraqalpog‘iston XXVIII chempionatining 8-turida “Mo‘ynoq Siti” va Milliy gvardiyaning “Jayhun” jamoalari uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
O‘yin paytida ikki jamoa o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Bunga 67-daqiqada “Mo‘ynoq Siti” vakili S. Mirzamurotov “Jayhun” a’zosi A. Yerejepovni yiqitishi sabab bo‘lgan.
Buning ortidan stadiondagi muxlislar ham o‘z noroziligini bildirib, maydonga chiqishgan.
IIB va Milliy gvardiya xodimlari tezda janjalni to‘xtatishgan. Hodisa oqibatida jarohatlanganlar yoki shifoxonaga tushganlar yo‘q.