TOShKENT, 11 avg — Sputnik. O‘zbekistonda “Sputnik V” vaksinasi ishlab chiqarishni rejalashtirayotgan “Jurabek Laboratories” kompaniyasi Rossiyada sifat nazoratidan o‘tdi va kelgusi haftadan vaksinani keng ko‘lamda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda RIA Novostiga korxona direktori Farrux Lutfullayev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, N.F. Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazidan iyul oyida ishlab chiqarilgan “Sputnik V”ning ilk partiyasi sifati bo‘yicha ijobiy natijalar olingan.
“Biz Rossiyadan vaksinaning sifati bo‘yicha ijobiy javob oldik. Hozir Rossiyadan xomashyo kutapmiz, keyingi haftadan quyishni boshlaymiz”, - dedi Lutfullayev.
May oyida Toshkent va Moskva “Sputnik V”ni O‘zbekistonda ishlab chiqarishga kelishib olgan edi.
29 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev avgust oyidan Olmaliq shahridagi "Jurabek laboratories" korxonasida “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilib, korxonaning texnik imkoniyatlari bilan tanishdi.
31 iyul kuni Rossiya to‘g‘ridan -to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi (RFPI) O‘zbekistonda “Sputnik V”ning birinchi partiyalari ishlab chiqarilganini xabar qildi. Ishlab chiqarilgan vaksinalar sifatni nazorat qilish uchun Gamaleya markaziga yuborilgandi.