TOShKENT, 10 avg – Sputnik. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi o‘rnatiladi. Bu haqida prezident qarori qabul qilindi, deb xabar qilmoqda Huquqiy axborot telegram kanali.
Qarorga muvofiq, 2021-yilning 15-avgustdan boshlab:
turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi, - deyilgan qarorda.
Shuningdek prezident qarorida quyidagi holatlarga alohida e’tibor qaratilgan:
nogironligi bo‘lgan yetim bolalarga kvartiralar ko‘p qavatli uylarning 3-qavatigacha ajratiladi;
hokimliklar ushbu kvartiralarni yangi qurilgan uylardan, ya’ni ko‘chmas mulkning birlamchi bozoridan xarid qiladi;
birlamchi bozorida mos keladigan kvartiralar mavjud bo‘lmaganda, hududiy “Xalqparvar” komissiyalari xulosasiga asosan, ikkilamchi bozoridan xarid qilinadi;
uy-joylar bilan ta’minlash “onlayn-navbat” tizimi asosida amalga oshiriladi va navbatni buzish, unga o‘zgartirish kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
yetim bolalarga ko‘chmas mulk egalik huquqi asosida beriladi, lekin ular 30 yoshga to‘lguncha uni sotish huquqiga ega bo‘lmaydi.
ushbu toifadagi shaxsning murojaati asosida mahalliy hokimliklar tomonidan uy-joyning umumiy maydonini kengaytirish sharti bilan sotishga ruxsat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2019-yildan buyon bir necha yuzlab vatanoshlarni Suriyadagi qochqinlar lagerlaridan qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning aksariyati boquvchisini yo‘qotgan ayollar va bolalar edi. Vataniga qaytarilganidan so‘ng ularning aksariyati ish joyi, boshpana bilan ta’minlash choralari ko‘rildi, ularning farzandlari maktab va bog‘chalarga joylashtirildi.
O‘zbekistonning ushbu insonparvarlik tajribasi BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholandi.