TOShKENT, 11 avg — Sputnik. O‘zbekiston masjidlarida juma namozlarini o‘qish bo‘yicha karantin cheklovlari bekor qilindi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilindi.
13 avgustdan masjidlarning barcha ishchi va xodimlari (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat’i nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikatiga ega bo‘lgan taqdirda ushbu masjidlarda juma namozini o‘tkazishga ruxsat beriladi.
Masjidlarga juma namozini o‘qish uchun emlanganligi to‘g‘risidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilar (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lganlar bundan mustasno) kiritiladi.
Respublikada faoliyat yuritayotgan boshqa diniy konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlarga ham mazkur tartibni tatbiq etishni tavsiya qilindi.
Shu bilan birga diniy ibodatlarni ado etish jarayonida tashrif buyuruvchilar tomonidan tibbiy niqobda bo‘lish hamda ijtimoiy masofani saqlash bo‘yicha karantin cheklovlariga qat’iy rioya etilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.