TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Uch nafar fuqaroni Turkiya jo‘natayotgan ayol Toshkent xalqaro aeroportida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro D.X. 3 nafar ayolga (1992, 1995 va 1999 y.t) o‘z hisobidan chipta sotib olib berib, ularni Turkiyaning Antaliya shahrida fohishalik qilishga yollamoqchi bo‘lgan. Ayol qizlarni “Toshkent-Antaliya” yo‘nalishi orqali jo‘natayotgan vaqtida DXX hamda IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.