Rossiyada ommaviy mushtlashuv yuz berdi: o‘zbekistonlik migrantlar ishtiroki o‘rganilmoqda

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu mushtlashuvda o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining ishtirokini o‘rganib, zarur holatda yurtdoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z vakolati doirasida barcha choralarni ko‘radi.
Sputnik
TOShKENT, 8 avg - Sputnik. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan ommaviy mushtlashuvlarda ishtirok etmaslikni so‘rab, murojaat yo‘lladi.
"Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Moskva shahrida turli millat vakillari ishtirokida etnik ommaviy mushtlashuv yuz bergani haqida xabarlar tarqalmoqda. Shu munosabat bilan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan bunday ommaviy mushtlashuvlarda ishtirok etmaslikni, muammoli yoki nizoli vaziyatlarda vakolatli organlar hamda mamlakatimizning ushbu davlatdagi diplomatik idoralariga murojaat qilishni, Rossiya qonunlariga rioya etishni so‘raydi", - deyiladi xabarda.
Ommaviy mushtlashuvlarda ishtirok etish chet el fuqarolari uchun Rossiya qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortilish yoki davlatdan majburiy chiqarib yuborishga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu mushtlashuvda o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining ishtirokini o‘rganib, zarur holatda yurtdoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z vakolati doirasida barcha choralarni ko‘radi.